Anʼanalar bardavom. Tajriba va shijoat uygʻunlashsa...
2026-04-27 12:25:00 / Yangiliklar

Har qanday sohada muvaffaqiyatga erishish, avvalo, bilim va tajribaning uzviy bogʻliqligiga tayanadi. Ayniqsa, ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan xodimlar uchun bu jihat yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tizimda ustoz-shogird anʼanalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Navoiy shahar IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Toʻxtasin Xolmurodov boy tajribaga ega, oʻz burchiga sadoqatli, fidoyi xodimlardan. U ayni paytda shahardagi qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan «Bahor» mahallasi osoyishtaligini taʼminlashga masʼul.
Mahalla ilgari huquqbuzarliklar koʻrsatkichi yuqori boʻlgani uchun «qizil» toifada edi. Olib borilgan tizimli va maqsadli profilaktik ishlar natijasida hudud dastlab «sariq», bugungi kunda esa «yashil» toifaga kiritilgan. Bu natijalarga podpolkovnik Toʻxtasin Xolmurodov mahalla yettiligining boshqa aʼzolari bilan qoʻlni qoʻlga berib ishlagani tufayli erishdi.
Birgalikda har bir oilaga kirib borishdi, muammolarni oʻrganib, joyida yechim topish choralarini koʻrishdi. Ayniqsa, yoshlarni turli salbiy taʼsirlardan asrash, bandligini taʼminlash va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan manzilli ishlab, profilaktik suhbatlar oʻtkazdi.
Lavhamiz qahramoni yillar davomida orttirgan bilim va malakasini xizmat jarayonida qoʻllash barobarida, yosh kadrlarga oʻrgatib ham kelmoqda. Uning shogirdlaridan biri «Vatan» mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Shahzod Bafoyevdir. U yosh boʻlishiga qaramay, ustozining saboqlari, maslahatlari va hayotiy tajribalariga amal qilib, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida sezilarli natijalarga erishmoqda.
Katta leytenant har bir murojaatga eʼtibor bilan qarab, muammolarga yechim topishga intiladi. Yaqinda ajrim yoqasida turgan oiladagi janjalli holatni oʻrganish uchun bordi. Oilaning bir aʼzosi oʻzini mutlaqo haq deb koʻrsatishga urinar, vaziyatni faqat oʻz nuqtayi nazaridan baholardi.
Aynan shu paytda ustozining maslahatlari Shahzodga qoʻl keldi. Podpolkovnik Toʻxtasin Xolmurodov hech qachon holatni bir tomonlama oʻrganmaslik, har tarafdan tahlil qilib, shundan keyingina xulosa chiqarish lozimligini uqtirgandi. Yosh xodim ikkinchi tomonning ham fikrini eshitdi, qoʻshnilar va oilaning yaqinlari bilan suhbatlashdi. Xullas, vaziyatni har tomonlama chuqur oʻrgandi. Natijada janjalning asl sabablari aniqlab, nizoni tinch yoʻl bilan hal etishga erishdi.
Ha, ichki ishlar organlari tizimida ustoz-shogird anʼanalari nafaqat yosh xodimning kamol topishiga, balki jamiyatda huquq-tartibotni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Zero, chuqur bilim, boy tajriba va yoshlik shijoati, kuch-gʻayratining uygʻunlashuvi oʻz samarasini beradi. Podpolkovnik Toʻxtasin Xolmurodov va katta leytenant Shahzod Bafoyev faoliyati bunga yorqin misol boʻla oladi.
Mahliyo Xolova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Navoiy viloyati
