Biz — korrupsiyaga qarshimiz. Vijdon — eng yaxshi nazoratchi
2026-04-27 08:05:00 / Yangiliklar

Jamiyatda qonuniylik va adolat tamoyillarini taʼminlash, fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda poraxoʻrlikka qarshi murosasiz munosabat muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, mansabdor shaxslarga pora taklif qilish yoki berish kabi harakatlar ogʻir jinoyat hisoblanadi.
Tahlillarga qaraganda, ayrim holatlarda fuqarolar oʻz qilmishining huquqiy oqibatlarini toʻliq anglamasdan, javobgarlikdan qochish maqsadida noqonuniy yoʻlni tanlamoqda. Jumladan, joriy yilning 21-yanvar kuni Gʻuzor tumanida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi ortidan yuzaga kelgan holat korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatga aylandi.
Xususan, tumanda yashovchi fuqaro Gʻ.X. «UAZ» rusumli avtomashinasini mast holatda boshqarib borib, qarama-qarshi yoʻnalishdan harakatlanib kelayotgan fuqaro Y.I. boshqaruvidagi «Nexia-1» rusumli avtomobil bilan yoʻl-transport hodisasi sodir qilgan. Holat yuzasidan G.X.ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.
Oradan yigirma kun oʻtib, Gʻ.X. tuman IIB JXX YHXB boshligʻi, kapitan Nodirbek Murodovning yoniga kelib, yuqoridagi holat yuzasidan oʻziga chora koʻrmasligi va avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berishi evaziga moʻmaygina pora taklif etadi. Kapitan Nodirbek Murodov porani rad etib, Gʻ.X. ni mazkur xatti-harakatlarining huquqiy oqibatlari haqida bir necha bor ogohlantiradi. Lekin fuqaro oʻz niyatidan qaytmaydi. Shundan soʻng xodim ushbu holat yuzasidan rahbariyatga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Ushbu bildirgiga asosan, IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va IJQKD tuman boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Gʻ.X. 5 mln. soʻm miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtda ushlanib, uning qilmishi tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Mazkur holat yuzasidan IJQKDning tuman boʻlimi tomonidan fuqaro Gʻ.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Shunday ekan, har bir shaxs oʻz xatti-harakatlari uchun qonun oldida ham, oʻz vijdoni oldida ham javobgar ekanligini unutmasligi lozim.
Oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
