Jinoyatchilikka qarshi kurash natijalari muhokama qilindi
2026-04-26 14:55:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati IIBda Oʻzbekiston Respublikasi IIV oʻrinbosari rahbarligida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar va mustaqil boshqarmalar boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari, shahar va tumanlar IIO rahbarlari, shuningdek, quyi boʻlinmalar rahbarlari videoselektor aloqa vositasida ishtirok etdi.
Yigʻilishda 2026-yilning birinchi choragi davomida ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddi rahbar va masʼul xodimlarning hisobotlari eshitilib, har bir hudud kesimida erishilgan natijalar tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi. Ayrim yoʻnalishlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, jinoyatlarning sabab va omillarini chuqur tahlil qilish, profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish, aholi bilan muloqot samaradorligini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, ular ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati









