Mardlik va matonat maktabi: “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” spartakiadasi yakunlandi
2026-04-26 11:25:00 / Yangiliklar

Vatanni sevish, uni adoqlash va koʻz qorachigʻidek asrash kabi chin insoniy fazilatlarni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” spartakiadasi joriy yilda Qarshi shahrida yuksak koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu musobaqa yoshlarning nafaqat jismoniy tayyorgarligini, balki maʼnaviy yetukligini ham namoyon etdi.
Tantanali tadbir avvalida IIV masʼul xodimlari barcha ishtirokchilarni erishilgan natijalar bilan qutlab, bunday tadbirlar kelajak posbonlari uchun haqiqiy hayot maktabi ekanligini taʼkidladilar. Yoshlarning jasorati, chaqqonligi va yuksak mahoratini aks ettirgan jangovar chiqishlar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Maydonda yangragan Vatanni madh etuvchi qoʻshiqlar hamda ajdodlarimiz timsollari aks etgan koʻrgazmalar ishtirokchilar qalbida haqiqiy vatanparvarlik ruhini uygʻotdi.
Bir necha kun davom etgan murosasiz bahslar davomida jamoalar oʻzlarining bilim va mahorati, jismoniy tayyorgarligi hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar. Musobaqa yakuniga koʻra, eng kuchlilar saralab olindi va gʻoliblar tantanali ravishda taqdirlandi. Quvonarli uchlikdan joy olgan jamoalar orasida mutlaq gʻoliblikni — 1-oʻrinni Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi jamoasi qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarga maxsus diplom, kubok va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir yakunida taʼkidlanganidek, mazkur spartakiada nafaqat sport musobaqasi, balki yosh avlodni jasurlik, matonat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim maydon boʻldi. “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” nomi ostida oʻtgan ushbu bellashuvlar ertangi kunimiz egalari uchun yangi marralar sari mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati







