Toshkent viloyati IIBBda jinoyatchilikka qarshi kurash va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻtgan 3 oy natijalari muhokama qilindi
2026-04-25 20:55:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati IIBBda joriy yilning oʻtgan 3 oyi davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, general-mayor Botir Qudratxoʻjayev hamda Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov ishtirok etdi.
Yigʻilishda, shuningdek, Toshkent viloyatidagi barcha shahar va tuman ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari boshliqlari ishtirok etdilar. Viloyat IIOning barcha shaxsiy tarkibi ham videoselektor tarzida qatnashdilar.
Tadbir davomida hududdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik darajasi, profilaktik choralar samaradorligi, yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash borasidagi faoliyatlar atroflicha muhokama qilindi. Hisobotlar asosida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi.
Yigʻilishda jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan shahar va tumanlar kesimida mutasaddilarga aniqlashtirilgan profilaktik va tezkor tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Ayniqsa, “qizil” toifadagi mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiya va tamagirlik holatlarining oldini olish masalalariga alohida urgʻu berildi.
Tizimda yoʻl qoʻyilgan xatolik va kamchiliklar uchun ayrim rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanilgani, bu kabi holatlardan barcha xodimlar xulosa chiqarishi lozimligi qatʼiy eslatib oʻtildi.
Yigʻilish yakunida ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar, xususan, jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarador uslublarini amaliyotga joriy etish, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida ilgari surilgan tashabbus va rejalar belgilab olindi. Bu orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, tinch va osoyishta hayot kechirishlari uchun yanada barqaror sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati



