Bir surat tarixi. Kasbidan qadr topganlar
2026-04-25 12:40:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati IIB sohaviy xizmatlarida oʻz kasbini ardoqlab, benuqson xizmat qilib kelayotgan fidoyi xodimlar koʻplab topiladi. IIB EKM bosh ekspertlari, podpolkovniklar — Keldiyor Alibekov va Alyona Jumayevalar uzoq yillardan buyon ushbu sohada. K. Alibekov 2002-yil may oyidan EKBning kriminalistik ekspertizalar guruhida ekspert, A.Jumayeva esa ikki yil keyin xuddi shu lavozimda xizmatga kirishgan.
- Inson sevimli kasbini ardoqlab, oʻziga biriktirilgan xizmat vazifalari ustida tinimsiz izlanishlar olib borsa, qadr topar ekan, — deydi podpolkovnik Keldiyor Alibekov. Men aslida Toshkent davlat aviatsiya institutining oliy texnik yoʻnalishida ilm olganman. Zamonaviy texnikalarni yaxshi tushunaman. Hozirda EKMda xatshunoslik va noqonuniy hujjatlarning texnik ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazaman. Xizmatdoshim va doʻstim Alyona Jumayeva esa iz qidiruvda, qoʻl-barmoq izlari boʻyicha ishlaydi. Bizni viloyat IIBda barcha eski qadrdonlar deyishadi. Haqiqatdan shunday. Alyona rostdan ham eng qadrdon doʻstlarimdan biri. Biz doimo sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izida» fosh qilish ustida birgalikda tezkor xizmat olib boramiz. Koʻp yillik tajribamiz bizga asqatmoqda.
Ushbu fidoyilar hozirgi kunda kasbidan tom maʼnoda qadr topganlar qatorida. Har ikkalasi ham «Aʼlo xizmatlari uchun» hamda II va III darajali «Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun» koʻkrak nishoni sohiblari. Podpolkovnik A. Jumayeva esa davlatimizning yuksak mukofoti «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Siz koʻrib turgan ushbu suratlarning birinchisi 2005-yilda tarixga muhrlangan. U hozirda viloyat IIB «Shon-sharaf muzeyi»da osigʻliq turibdi. Ikkinchi surat esa yaqinda, ikki hamkasbning xizmat paytidan olingan.
Abu Kenjayev, fotomuxbir. “Postda”
