Islohotlar amalda. “Xavfsiz maktab” — xotirjamlik garovi
2026-04-24 23:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda dunyoning ayrim mamlakatlaridagi taʼlim muassasalarida yuz berayotgan koʻngilsiz hodisalar jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Milliy kino saroyida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilish aynan shu masalaga bagʻishlandi.
Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va hamkor tashkilotlarning masʼullari, poytaxt maktablari direktorlari va oʻqituvchilar ishtirok etdi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, poytaxtimizdagi 326 ta davlat maktabining barchasi xavfsizlik tizimlari bilan jihozlanib, bosqichma-bosqich professional qoʻriqlash xizmatiga oʻtkazilmoqda.
Joriy etilayotgan yangicha tizimning asosiy ustuvor yoʻnalishlari — kirish-chiqish nazoratini qatʼiylashtirish, intellektual videokuzatuv tarmogʻini kengaytirish hamda “Tashvish tugmalari” va tezkor xabar berish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
Shuningdek, muhim yangiliklardan yana biri — maktab qorovullari uchun mutlaqo yangicha, intensiv oʻquv tizimining yoʻlga qoʻyilgani boʻldi. Endilikda ular nafaqat binoni qoʻriqlaydi, balki favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish, birinchi yordam koʻrsatish va psixologik barqarorlik boʻyicha ham maxsus tayyorgarlikdan oʻtmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqan taʼlim muassasalari rahbarlari ham “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish gʻoyat muhim vazifa ekanligi va bu borada hamkorlikni mustahkam davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Shuningdek, tadbirda soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan maxsus videoroliklar namoyish etildi. Ushbu videomateriallarda nafaqat maktablardagi xavfsizlik tizimlarining ishlash jarayoni, balki kelajagimiz egalari boʻlgan farzandlarimizni har qanday tahdiddan asrash muqaddas burch ekanligi yuksak mahorat bilan ifodalangan.
Ilgari maktab xavfsizligi deganda, faqat darvoza oldidagi navbatchilikni tushunardik, — deydi Yakkasaroy tumanidagi 73-sonli umumtaʼlim maktabi direktori Ozoda Qobilova. — Biz faqat texnika yoki qoʻriqlash tizimiga ishonib qolmasdan, avvalo, oʻzimizdan, har bir oʻqituvchi va xodimning hushyorligidan boshlashimiz kerak. Agar har bir pedagog oʻquvchining ruhiyatidagi oʻzgarishni vaqtida sezsa, maktab ostonasidan kirgan begona shaxsga befarq boʻlmasa, tizim kutilgan natijani beradi.
Yigʻilish yakunida Prezidentimizning alohida eʼtibori natijasida ichki ishlar organlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun ajratilgan 50 ta yangi xizmat avtomobili IIV huzuridagi Qoʻriqlash departamentining tezkor guruhlariga tantanali ravishda topshirildi. Bu avtomobillar maktablar atrofida patrullik qilish va chaqiruvlarga zudlik bilan yetib borish samaradorligini yanada oshiradi.
Hozirgi kunda Toshkent shahrida shakllantirilayotgan “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
