Buxoro viloyati IIBda IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati tomonidan “Surxondaryo tajribasi”ni joriy qilish boʻyicha oʻquv seminari tashkil etildi
2026-04-24 10:00:00 / Yangiliklar

Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual muddatlarni belgilash yuzasidan yangi amaliyotni joriy etishga qaratilgan qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, M.A.Sattarov rahbarligida Buxoro viloyati IIBda seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Unda viloyat prokuraturasi masʼullari, viloyat hamda tuman IIB sohaviy xizmat rahbarlari, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat ishlarini qisqa muddatlarda tamomlashga qaratilgan “Surxondaryo tajribasi”ni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilinib, mazkur amaliyotning oʻziga xos jihatlari, tergovga qadar tekshiruvni har tomonlama toʻliq va sifatli oʻtkazish, jinoyat ishlarini tamomlashda “yarashuv” va “aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv” institutlarini qoʻllash amaliyotini yanada kengaytirish boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Seminarda Jinoyat-protsessual kodeksida koʻrsatilgan talablarga rioya etish, jinoyat ishi doirasida ishtirokchilarning barcha vajlarini tergov yoʻli bilan tekshirish, dalillarni qonuniy asosda toʻplash va xolisona baholash, protsessual tartibda rasmiylashtirish hamda bu borada xodimlar malakasini doimiy oshirib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu chora-tadbirlar jinoyat ishlarini samarali, tezkor va qonun talablariga toʻliq rioya etgan holda tamomlashga, eng asosiysi, protsess ishtirokchilarining ortiqcha sarf-xarajatlariga yoʻl qoʻymaslik va ovoragarchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







