Yoshlar — kelajak bunyodkori. Ertangi kunga ishonch
2026-04-23 16:45:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida yosh xodimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Eʼtiborli jihati shundaki, yosh xodimlarning 83 foizi oliy maʼlumotli. Bu koʻrsatkich tizimga nafaqat jismonan baquvvat, balki zamonaviy bilim va dunyoqarashga ega mutaxassislar kirib kelayotganidan dalolat beradi.
- Biz yoshlarga faqat buyruq yoki topshiriq bermaymiz, balki avvalo ishonch bildiramiz. Zero, ishonch bor joyda masʼuliyat va kutilgan natija boʻladi, — deydi viloyat IIB maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati Yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, leytenant Saʼdulla Abdullayev.
Hozirgi kunda ichki ishlar organlari tubdan yangilanmoqda. Zamonaviy xodim nafaqat qonun ustuvorligini taʼminlashi, balki har tomonlama namunali boʻlishi lozim.
Boshqarma tizimida faoliyat yuritayotgan 23 nafar xalqaro miqyosdagi sport ustasining borligi jamoaning jismoniy tayyorgarligi qay darajada yuqori ekanini koʻrsatadi. Shuningdek, yoshlar orasida chet tillarini, axborot texnologiyalarini mukammal egallagan, malakali mutaxassislar safi kengayib bormoqda. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy uslublardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Yosh kadrlarning xizmatga boʻlgan ishtiyoqini oshirishda ularni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Joriy yilning oʻtgan qisqa davri mobaynida namunali xizmati va yuksak koʻrsatkichlari uchun 20 nafar yosh xodim ragʻbatlantirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga yoki turli masalalarda koʻmakka muhtoj boʻlgan 23 nafar xodimga manzilli moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. Bu kabi chora-tadbirlar har bir xodimda «Vatanga xizmat qilish — sharafli burch» degan tushunchaning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Nilufar Jabborova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Xorazm viloyati
