Mahalla tinch — yurt obod. Shirin soʻz jahldan tushiradi
2026-04-23 08:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda vazirlik rahbariyati profilaktika inspektorlari insonlarga yaqin boʻlishi, ularni tinglashi, dardini his qilishi, muammolarini hal qilishga yordam berishi kerakligini uqtirmoqda. Buni yaxshi anglagan Jomboy tumani «Qangʻli» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Doston Togʻayev xizmat qilayotgan mahallasini «yashil» toifada saqlab turishga bor kuch, bilim va tajribasini bagʻishlayapti.
- Koʻpincha bir ogʻiz shirin soʻz jazavada kelgan odamni tinchlantiradi. Bir toʻgʻri maslahatdan janjal barham topadi. Odamlar koʻngliga yoʻl topish ularning yuqori idoralarga ariza bilan murojaat qilishining oldini oladi, — deydi Doston Togʻayev. — Mahalla faollari bilan xonadonma-xonadon yurib, aholining turmush tarzi, yashash sharoiti, oilaviy muhiti bilan yaqindan tanishyapmiz. Oʻrganishlarimiz rasmiy tekshiruv emas, balki ularning dardini eshitish, muammosini aniqlash va ularni hal etishga koʻmaklashish ekanini tushuntiryapmiz.
Ha, inspektor yosh boʻlsa-da, mahallada kim nima bilan shugʻullanadi, mahallaga kimlar kelib, kimlar ketyapti, kim qayerga safarga ketdi, qoʻyingki, barcha jarayonni nazorat qilishga intiladi. Bularni odamlar bilan suhbat jarayonida oddiy savollar berib bilib oladi. Shunga qarab keyingi ishlarini rejalashtiradi, vazifasini belgilab oladi. Ishim tugadi demaydi, kun-u tun xizmatda sergak.
Suhbatimizga qoʻshilgan turmush oʻrtogʻi Feruza Sharipova Doston Togʻayevning yaxshi ota, namunali oila boshi ekanini, ishi qancha koʻp boʻlsa-da, farzandlari uchun vaqt ajratishini, oʻgʻli Yusufjon va qizi Shahrizodaning kelajagi uchun hozirdan qaygʻurishini aytdi. «Oʻgʻlim otasining kasbini davom ettiraman desa, hech ikkilanmay rozi boʻlaman», — dedi F. Sharipova.
Umida MAMADALIYEVA, oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
