Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha xalqaro forum (CICA) vakili Farid Damirlining Samarqand forumi bohasidagi fikrlari
2026-04-21 14:00:00 / Yangiliklar

Ushbu xalqaro forum Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan muhim va dolzarb tadbir hisoblanadi.
U turli davlatlardan kelgan rasmiylar va ekspertlar uchun giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi hamda u bilan bogʻliq jinoyatchilikka oid muammolarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydonini yaratdi.
Forumda Oʻzbekiston tomonidan yuqori darajada tashkil etilgani, xususan, Saida Mirziyoyevaning ishtirok etishi mamlakatingizda mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Taʼkidlanganidek, giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar nafaqat bir mamlakat, balki butun jahon hamjamiyati uchun umumiy tahdid boʻlib, unga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik va birgalikdagi saʼy-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon bojxona tashkiloti va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning faol ishtiroki mazkur muammoning koʻp qirrali ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa huquqni muhofaza qilish, jamoat salomatligi va xalqaro hamkorlikni uygʻunlashtirgan kompleks yondashuv zarurligini koʻrsatadi.
Forum yakunida qabul qilinishi kutilgan Samarqand deklaratsiyasi hamda tegishli harakatlar rejasi aniq va barqaror natijalarga erishishga xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar avvalo yosh avlod uchun xavfsiz muhit yaratish, hamda giyohvandlik va u bilan bogʻliq jinoyatlardan holi jamiyat barpo etishga qaratilgan.
