BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxlning “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” forumi haqida fikrlari
2026-04-21 14:00:00 / Yangiliklar

Ushbu juda muhim anjumanda ishtirok etish uchun goʻzal Samarqand shahrida boʻlib turganimdan juda mamnunman. Ushbu konferensiya giyohvand moddalari tarqalishini oldini olish, shuningdek, giyohvandlikning aholi salomatligiga salbiy taʼsirlari masalalariga bagʻishlangan.
Bu yerda biz juda koʻp qiziqarli maʼlumotlarni eshitdik. Xususan, giyohvand moddalar isteʼmoli anʼanaviy moddalar — masalan, opiy kabilardan sintetik giyohvand moddalarga oʻtayotganini koʻrdik. Bu jarayon juda tez surʼatlarda kechmoqda, yaʼni bunday moddalar keng tarqalmoqda. Shu bilan birga, ularni internet orqali, jumladan “darknet” orqali sotishning turli usullari ham mavjud.
Shu bois, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu kabi holatlarda qanday chora koʻrishni yaxshi bilishi va noqonuniy giyohvand moddalar savdosi usullaridan doimo orqada qolib ketmasligi juda muhimdir.
Bugungi kunda koʻplab mutaxassislarning bir joyda koʻp jam boʻlishi, nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda va umuman jahon miqyosida ushbu muammoga qarshi qanday samarali kurashish mumkinligini koʻrib chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat boʻldi.
Bu masala koʻplab davlatlar uchun katta tashvish uygʻotmoqda. Biz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatdagi jamoasi sifatida, Oʻzbekistonni giyohvand moddalar va narkotik tahdidlariga qarshi kurashish yoʻlida qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.
Ushbu forumda turli mamlakatlar vakillari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari ishtirok etmoqda. Ular, eng avvalo, giyohvandlikning oldini olish, ayniqsa Oʻzbekistonda aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlarni giyohvand moddalarning xavf-xatarlari haqida xabardor qilish yoʻlida hamkorlikda ish olib borishlari zarur.
Shuningdek, giyohvandlik holatlari yuz bergan taqdirda, bunday shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash, ularni ushbu ogʻir holatdan chiqarish ham juda muhimdir.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarini tayyorlash va ularga giyohvand moddalarni aniqlash hamda ushbu muammolarga qarshi samarali kurashish imkoniyatlarini yaratish ham katta ahamiyatga ega.
Masalan, bugun biz Oʻzbekistonda xizmat itlari yordamida bagajlar va avtomobillardagi giyohvand moddalarni aniqlash boʻyicha namoyishlarni koʻrdik. Bu tajriba juda muhim boʻlib, nafaqat anʼanaviy, balki sintetik giyohvand moddalarni aniqlashda ham davom ettirilishi lozim.
Ekspo markazidagi koʻrgazma esa juda ajoyib va Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yorqin namunasidir. Bu juda katta taassurot qoldirdi. Ushbu koʻrgazma yana biroz muddat davom etsa, koʻproq odamlar uni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlar edi, deb umid qilaman. Chunki bu yerda “darknet” bilan bogʻliq jarayonlar va amaliy ishlar qanday olib borilayotgani, ushbu sohada qanday vositalar qoʻllanilayotgani yaqqol namoyon etilgan.
Umuman olganda, bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini amalda koʻrish uchun juda yaxshi imkoniyat boʻldi. Ushbu tadbir uchun shunday koʻlamdagi ishlar amalga oshirilgani juda taʼsirli va bajarilayotgan ishlar ham yuqori darajada ekanligi yaqqol namoyon boʻldi.
