BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC)ning transmilliy giyohvand moddalar va jinoyatchilikka oid tahdidlarni tadqiq va monitoring qilish markazi rahbari Salome Floresning Samarqand forumi haqida fikrlari
2026-04-21 13:00:00 / Yangiliklar

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC)ning transmilliy giyohvand moddalar va jinoyatchilikka oid tahdidlarni tadqiq va monitoring qilish markazi rahbari sifatida aytishim mumkinki, faoliyatimiz giyohvand moddalar bilan bogʻliq tahdidlarni oʻrganishga qaratilgan. Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan mintaqaviy xalqaro forumda ishtirok etayotganimizdan juda mamnunmiz.
Ushbu muhim tadbirni tashkil etgani uchun Oʻzbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Davlat rahbari tashabbusi bilan biz bu yerdamiz va bir qator muhim mamlakatlar vakillari birgalikda vaziyatni muhokama qilish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi qanday oʻzgarayotganini tahlil qilish hamda davlatlar ushbu tahdidga qarshi qanday choralar koʻrishi mumkinligini koʻrib chiqish imkoniyatiga egamiz.
Ushbu forum turli ekspertlarni bir joyga jamladi va ular oʻz bilim hamda tajribalarini oʻzaro baham koʻrish imkoniyatiga ega boʻladilar. Unda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari bilan bir qatorda milliy darajadagi turli idora va muassasalar ekspertlari ham ishtirok etadi.
Ularning bu yerga kelib, fikr almashishi, oʻz bilimlari va duch kelayotgan muammolarini baham koʻrishi hamda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda qanday qilib hamkorlikda ish olib borish mumkinligi boʻyicha umumiy kelishuvga erishishi juda muhimdir. Chunki giyohvandlik bilan bogʻliq tahdidlar milliy emas, balki mintaqaviy xususiyatga ega. Shu bois, bu chegara bilmas muammolarda mintaqaviy muloqot oʻta muhim hisoblanadi.
Forum yuqori darajada oʻtkazilmoqda, unda Markaziy Osiyoning beshta davlati hamda boshqa davlatlarning ham yuqori darajadagi rasmiy vakillari ishtirok etmoqda va mintaqadagi vaziyatni kuzatib bormoqda. Bunday yuqori darajadagi rahbariyat va boshqaruv organlarining qoʻllab-quvvatlashi juda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, texnik ekspertlar va menejerlar ham ishtirok etmoqda, bu esa kelishuvlarga erishishda katta ahamiyat kasb etadi.
Menimcha, ushbu forumning eng qiziq jihatlaridan biri shundaki, unda yuqori darajadagi siyosiy iroda va harakat qilishga tayyorlik namoyon etilmoqda. Shu bilan birga, kundalik asosda ish olib borayotgan va tahdidlarga eng yaqin boʻlgan ekspertlar va menejerlarning ishtiroki ham juda muhimdir.
