Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan global forum doirasida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2026-04-21 17:30:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda AQSH Davlat departamenti huzuridagi Xalqaro narkotiklar va huquqni muhofaza qilish byurosi Yevropa va Osiyo dasturlari ofisi (INL/EA) direktori Mark Tervakoski oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar bugungi kunda global tus olayotgan narkotahdidlar nafaqat alohida davlatlar, balki butun mintaqa barqarorligiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidlab oʻtdilar. Shu nuqtayi nazardan, ular oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro tajriba almashinuvini jadallashtirish masalalariga alohida urgʻu berdilar.
Tadbirda tomonlar mintaqaviy hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etib, zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish faqatgina milliy darajada emas, balki xalqaro sheriklik asosida amalga oshirilganda yuqori natija berishi, shu boisdan kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun zamonaviy oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, texnik jihozlashni yaxshilash va boshqa bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida koʻrib chiqilgan masalalarning ahamiyati va dolzarbligi alohida qayd etildi. Taʼkidlanganidek, mazkur uchrashuv global forum doirasidagi mazmunli va amaliy muloqotlardan biri boʻlib, unda ilgari surilgan fikr va tashabbuslar umumiy saʼy-harakatlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.


