Samarqandda oʻtkazilayotgan global forum doirasida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi va BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-04-21 16:30:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovning BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) Ijrochi direktorining oʻrinbosari janob Bo Matiasen bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali choralarni kuchaytirish hamda bu borada xalqaro tajriba almashinuvini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Bo Matiasen BMT giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslar haqida maʼlumot berib, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. U, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va narkojinoyatlarning oldini olish borasidagi hamkorlikdagi loyihalarning ahamiyatini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Ichki ishlar vaziri mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida ikki tomon ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va yangi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.



