IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi oddiy askar va serjant lavozimlariga kontrakt asosida nomzodlar tanlovini eʼlon qiladi
2026-04-21 07:50:00 / Yangiliklar

IIV Qorovul qoʻshinlari umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus, professional yoki oliy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini oddiy askar va serjantlar tarkibi lavozimlariga kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun oʻtkaziladigan harbiy-kasbiy saralashda ishtirok etishga taklif etadi. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish istagida boʻlgan fuqarolar Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amirobod koʻchasi 1-uy (Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi)ga 2026-yilning 20-may kuni soat 08:00dan 12:00ga qadar kelib murojaat qilishlari soʻraladi.
Harbiy-kasbiy saralash nomzodni dastlabki oʻrganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, psixologik oʻrganish, yakuniy suhbat, tibbiy koʻrik, maxsus tekshiruv bosqichlarida oʻtkaziladi.
Harbiy-kasbiy saralashga quyidagi fuqarolar ishtirok etishlari mumkin:
- 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar;
- boʻy parametri 165 santimetrdan past boʻlmagan shaxslar;
- erkak jinsidagi fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoki safarbarlik chaqiruvidagi rezervida harbiy xizmatni oʻtagan, shuningdek harbiy roʻyxatda turgan boʻlishi kerak (muqaddam kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtaganlar bundan mustasno).
Harbiy-kasbiy saralashda ishtirok etadigan fuqarolar oʻzlari bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, tamomlagan taʼlim muassasasi diplomi (shahodatnomasi), harbiy guvohnomasi hamda sport kiyimini olib kelishi lozim.
