Samarqand forumi doirasida xorijiy delegatsiyalar ishtirokida xavfsizlik tizimini takomillashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda
2026-04-19 13:00:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forum doirasida qator amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur nufuzli forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy politsiya tuzilmalari delegatsiyalari ichki ishlar organlari faoliyati hamda yirik tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlash va muvofiqlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida Ozarbayjon, Turkiya, Belorussiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Finlyandiya, Avstriya, Fransiya ichki ishlar vazirliklari vakillari Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Situatsion markazi faoliyati bilan tanishib, uning zamonaviy boshqaruv va nazorat imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Shu bilan birga, mehmonlarga ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatida qoʻllanilayotgan maxsus texnika, qurol-aslaha hamda turli xizmat vositalari namoyish etildi.
Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar uchun Samarqand shahri va uning hududida joylashgan yirik turistik obyektlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maxsus taqdimotlar oʻtkazildi. Ularda jamoat tartibini saqlash, turistlar xavfsizligini taʼminlash va favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar batafsil yoritildi.
Jarayonda mehmonlar mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, ilgʻor tajribani eʼtirof etdilar.
Shuningdek, kelgusida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashinuvini izchil yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.









