Profilaktika faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-04-19 10:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi general-mayor Rustam Djurayev hududiy, tuman va shahar ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligi xizmatlari hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari rahbarlari, shuningdek tuman va shahar IIB boshliqlari ishtirokida videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.
Yigʻilish davomida profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek ularni asosiy xizmat vazifalaridan chalgʻitadigan omillarni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi.
Mahallalarda bevosita manzilli va tizimli ishlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Profilaktika inspektorlarini oʻzlariga xos boʻlmagan vazifalarga jalb etmaslik, ularning aholi orasida doimiy faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek fuqarolarning turli toifalari bilan kunlik, haftalik va oylik rejalar asosida aniq va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentning PQ-1 va PQ-2 son qarorlari ijrosi doirasida masʼul rahbarlar ishtirokida biriktirilgan mahallalarda har hafta jinoyatlarni muhokama qilishni tashkil etish, shuningdek ijobiy natija bergan “Chilonzor tajribasi”ni hududlarda keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilish yakunida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tizimli ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlarining ustuvor vazifasi huquqbuzarliklarning oldini olish ekani alohida taʼkidlandi.
Amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy maqsadi — mahallalarda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, aholi bilan oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish hamda profilaktika faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
IIV JXD Axborot xizmati



