Inson qadri ulugʻ: suv keltirgan elda aziz
2026-04-18 20:10:00 / Yangiliklar

Aprel oyining dastlabki kunlarida tuman IIB rahbariyati tomonidan “Ishonch” mahallasida sayyor qabul oʻtkazildi. Mazkur mahalla Guliston shahri bilan tutashib ketgan boʻlib, toʻrt mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholining aksariyati savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida faoliyat yuritadi.
Sayyor qabul davomida oʻndan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning ikkitasi ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolarga taalluqli edi. Jumladan, fuqarolar mahallada bir oydan buyon suv yoʻqligi, suv minorasidagi nasoslar ishdan chiqqani hamda ayrim koʻchalarga suv yetib bormayotgani sababli eski quvurlarni almashtirish zarurligini bildirdi.
Murojaatlar joyida oʻrganilib, muammoni hal etish uchun tegishli tashkilotlar va homiylar jalb qilindi. Masʼuliyat Guliston tumani IIB murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori Hamid Toshbekov zimmasiga yuklatildi.
Ertasi kuniyoq ustalar ish boshladi. Ikki kun ichida suv minorasidagi nasoslar taʼmirlanib, elektr qismlari yangilandi. Natijada xonadonlarga suv yetib borishi tiklandi.
Shuningdek, uzoqroq koʻchalarga homiylar koʻmagida 150 metr yangi suv quvuri yotqizildi. Bir necha kunlik ishlar natijasida eng chekka hududlar ham ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
— Aholi murojaatiga tezkor eʼtibor qaratilgani uchun tuman IIB rahbariyati va mutasaddilarga minnatdorlik bildiramiz, — deydi mahalla raisi Vali Hayitov.
Maʼlumot oʻrnida, Hamid Toshbekov 1989-yilda tugʻilgan. IIV Akademiyasini tamomlagan boʻlib, hozirga qadar Guliston tumani IIBda turli lavozimlarda xizmat qilib kelmoqda.
— Murojaatlarni oʻz vaqtida va ijobiy hal etish asosiy vazifamiz. Zarur hollarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlaymiz, — deydi u.
Abdurahmon Mustafoqulov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Sirdaryo viloyati
