Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmatida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur va matbuot anjumani oʻtkazildi
2026-04-18 12:20:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmatida “Qoʻriqlash xizmati faoliyatida zamonaviy yondashuvlar va xavfsizlikni taʼminlashning dolzarb masalalari” mavzusida press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat IIB boshligʻi, uning oʻrinbosarlari hamda sohaviy xizmat rahbarlari, viloyatda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Mazkur press-turda Boshqarma boshligʻi va boshqa mutaxassis xodimlar tomonidan mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Qoʻriqlash xizmati faoliyati, zamonaviy qurilmalar, maxsus vositalar, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumotlar berildi. Ochiq osmon ostida tashkil etilgan sohaga oid koʻrgazmada Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan qoʻllanib kelinayotgan texnik vositalar, qoʻriqlov asbob-uskunalari, ularning turlari va vazifalari haqida amaliy tushunchalar berildi.
Bundan tashqari soha xodimlari faoliyatiga doir chiqishlar, jismoniy-jangovar tayyorgarlik jarayonlari va kinologlarning xizmat iti bilan birgalikdagi mashgʻulotlaridan namunalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, xizmat samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar boʻyicha anjuman ham oʻtkazilib, Qoʻriqlash xizmati monitoring markazlari tomonidan bugungi kunda jami 6411 ta obyektlar, yakka tartibdagi 4396 ta fuqaro xonadonlari, Respublika miqyosida tatbiq qilingan “Navoiy tajribasi” asosida 793 ta koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga “tashvish tugma”lari oʻrnatilganligi, ushbu qoʻriqda boʻlgan obyekt va xonadonlardan kelib tushgan tashvish xabarlari hamda tungi patrullik davomida bugungi kunga qadar 496 ta har xil turdagi salbiy holatlarning oldi olinganligi yigʻilganlar eʼtiboriga yetkazildi. Shuningdek, sohaga oid savollar va taklif-mulohazalar tinglanib, mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Kelgusida bu kabi anjumanlarni Boshqarmaning boshqa sohaviy xizmatlarida ham muntazam ravishda oʻtkazib borilishi belgilab olindi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati



