Qoʻshsahifada. Toʻgʻri yoʻl izlaganlar hamrohi
2026-04-18 07:00:00 / Yangiliklar

Xalqimizda «Adashganning aybi yoʻq, qaytsa — oʻngdir» degan naql bor. Bugun jamiyatimizda jinoyat sodir etib, qilmishidan pushaymon boʻlgan, lekin ozodlikdan mahrum etilmagan holda jazo oʻtayotgan shaxslar bilan ishlash tizimi tubdan yangilandi. Bu borada Bekobod tumani IIB JXX Probatsiya guruhi xodimlarining xizmati alohida tahsinga loyiq. Ana shunday masʼuliyatli vazifani yelkasiga olgan fidoyilardan biri guruh katta inspektori, kapitan Iskandar Abdurahmonovdir.
Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2017-yildan boshlagan. JIED tizimida orttirgan tajribasi uni probatsiya xizmatiga tezda moslashib ketishiga zamin yaratdi. U 2019-yildan buyon Bekobod tumanida probatsiya xizmatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda tuman miqyosida 505 nafar shaxs probatsiya hisobida turadi. Joriy yilning birinchi choragi davomida 74 nafar shaxs hisobdan chiqarilgan. 11 marotaba mehnat yarmarkalari tashkil etilishi natijasida 90 nafarga yaqin mahkumlarning bandligi taʼminlangan. Tartib-qoidalarga amal qilmagan 15 nafar mahkumning jazosi ogʻirrogʻiga almashtirilgan.
Iskandar Abdurahmonov oʻz faoliyatida «jazolash emas, tuzatish» tamoyiliga amal qiladi.
— Bizning nazoratimizdagi har bir shaxs — avvalo inson, — deydi kapitan. — Kimdir bilmay, kimdir hissiyotga berilib xato qilgan. Maqsadimiz ularni qayta jinoyat koʻchasiga kirmasliklari uchun qoʻllab-quvvatlash. Ularni ishga joylashtirish, kasb-hunarga yoʻnaltirish — asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
Intiluvchan va masʼuliyatni doimo birinchi oʻringa qoʻyadigan Iskandar aka turmush oʻrtogʻi, MTM tarbiyachisi Mohigul Abdurahmonova bilan birgalikda uch nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Xodimning ukasi, safdor Hojimurod Abdurahmonov ham akasi izidan borib, ichki ishlar organlari safida xizmat qilmoqda.
