Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropovning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga amalga oshirgan xizmat tashrifi doirasida tergov faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi
2026-04-17 20:00:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida tergov faoliyatini yanada takomillashtirish va uni yangi bosqichga koʻtarish, ichki ishlar hamda prokuratura organlari tizimida faoliyat yuritayotgan tergov xodimlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratilgan oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tergov faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, uning xolisligi va shaffofligini taʼminlash hamda har bir jinoyat ishi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishiga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud hamkorligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasida mazkur seminar mashgʻuloti oʻtkazildi.
Tadbirda, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Baxriddin Valiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Usmonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyalari, Bosh prokuratura xodimlari, respublika prokuraturasining tarmoq rahbarlari, tuman-shahar prokurorlarining sohaviy oʻrinbosarlari va tergovchilari, Ichki ishlar vazirligi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti respublika boshqarmasining tergovga masʼul rahbarlari, tergovchi va surishtiruvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda, dastlab tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va odil sudlovni taʼminlashdagi yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar tanqidiy koʻrib chiqilib, jinoyat ishlarini sudda koʻrilishida yoʻl qoʻyilayotgan protsessual xato va kamchiliklar, sudlar tomonidan chiqarilgan oqlov hukmlarining sabablari, tergovda raqamli kriminalistika yordamida elektron dalillarni toʻplash va mustahkamlashning zamonaviy usullari, axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish bilan bogʻliq mavzularda tajribali mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor maʼlumot almashinuvini taʼminlash, elektron qurilmalar va onlayn platformalar bilan ishlashda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muhim jihatlar muhokama qilindi.
Mashgʻulot munozara, amaliy misol va savol-javob tarzida tashkil etilib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
Bunday oʻquv-amaliy seminarlar boshqa hududlarda ham tashkil etilib, tergov sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.





