Joriy yilning 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi hamda Ozarbayjon Respublikasi ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-04-17 15:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston va Ozarbayjon ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Botir Qudratxodjayev hamda Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari politsiya general-leytenanti Seyfulla Azimov boshchiligida, sohaviy xizmat rahbarlari ishtirok etdilar.
Mazkur uchrashuv davomida ikki davlat oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, transmilliy jinoyatlarga qarshi samarali choralar koʻrish borasida amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oʻzaro axborot almashinuvini yanada kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tezkor tadbirlarni muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidladilar.
Yigʻilish yakunida idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yigʻilish bayonnomasi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat ichki ishlar organlari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, oʻzaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizga tashrif davomida hamkorlar Toshkent shahar IIBB faoliyatini oʻrganish hamda poytaxtimizning turistik obyektlarida xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot olishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek Ozarbaydjon delegatsiyasi Samarqand shahrida tashkil etilayotgan transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishga bagʻishlangan global forumda ishtirok etib, narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokamasida qatnashadilar.



