IIV Malaka oshirish instituti tashkil topganining 5-yilligi keng nishonlandi
2026-04-17 13:25:00 / Yangiliklar

Kuni kecha institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilari, xodimlar va tinglovchilar hamda faxriylar ishtirokida ajoyib bir sana Malaka oshirish instituti tashkil etilganligining 5-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbiri boʻlib oʻtdi.
Ushbu qisqa ammo mazmunli davr mobaynida malaka oshirish instituti Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash va soha xodimlarining bilimlarini yuksaltirishda oʻziga xos maktabga aylandi.
Tantanali marosim Ichki ishlar vaziriligi Malaka oshirish instituti boshligʻi polkovnik Axmedov Olimjon Tursunboyevich nutqi bilan boshlanib, institut tarixi, 5-yillik davr mobaynida tashkil etilgan oʻquv kurslar, ularning statistik tahlili, institutning ilmiy salohiyati, amalga oshirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davlatlar va respublika tashkilotlari, taʼlim muassasalari bilan hamkorliklar, institut xodimlarini xorijiy davlatlarga qilgan xizmat safarlari, moddiy texnik bazasi, qurilish-taʼmirlash ishlariga alohida toʻxtaldi.
Marosimning eng muhim qismi sifatida taʼsis etilgan Institutning 5-yillik esdalik nishoni shu davrlar oraligʻida institut faoliyati ravnaqi yoʻlida oʻzining munosib hissasini qoʻshgan va oʻquv jarayonlarini sifatli tashkillashtirishda beminnat xizmat koʻrsatgan jamoa vakillariga topshirilishi tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Dasturga koʻra, institutning boʻlim, kafedra va sikl rahbarlari tomonidan taʼlim sifatini oshirish, mutaxassislar salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy bilimlarni joriy etishda erishilgan yutuqlar haqida axborot-prezentatsiyalari ham namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirni yanada koʻtarinki ruhda davom etishiga hissa qoʻshgan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalarining badiiy chiqishlari hamda institut tinglovchilari tomonidan ijro etilgan shoʻx raqslar yigʻilganlarga yuqori kayfiyat baxsh etdi.
Alohida taʼkidlash joizki, tadbir davomida institut ravnaqi va faoliyati yoʻlida ulkan hissa qoʻshgan va fidokorona xizmat olib borgan institut faxriylariga esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.
Tantanali tadbir dasturi yigʻilganlarga koʻtarinki ruh va xush kayfiyatni tuhfa etdi.
Bu esa kelgusida institut jamoasini birdamlik asosida yuksak maqsadlar sari intilishga hamda yuqori natijalarga erishida oʻz taʼsirini koʻrsatishi, yangi yutuq va zafarlar uchun mustahkam zamin yaratishiga xizmat qiladi.
IIV Malaka oshirish instituti









