Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida Jamoat xavfsizligi departamenti rahbarining oʻquv yigʻinlari tinglovchilari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2026-04-17 13:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida jamoat xavfsizligi hududiy boʻlinmalari rahbar xodimlari ishtirokida oʻquv yigʻinlari oʻtkazilmoqda. Ularning asosiy maqsadi — kasbiy bilim va boshqaruv koʻnikmalarini oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatni takomillashtirishdan iborat.
Mazkur oʻquv yigʻinlari doirasida ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general-mayor Rustam Djurayev tinglovchilar — viloyatlar yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va probatsiya boʻlinmalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻz chiqishida Rustam Djurayev yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida ish samaradorligini yanada oshirish zarurligini taʼkidlab, bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, yoʻl-patrul xizmati xodimlari faoliyatini baholash tizimini yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan holda takomillashtirish, avariya xavfi yuqori boʻlgan uchastkalarning elektron xaritasini joriy etish, intellektual tizimlar va qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralar imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, yoʻl harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish darajasini oshirish vazifalari qayd etildi.
Ayniqsa, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi oʻrtasida tizimli profilaktik ishlar olib borish hamda yoʻl harakati ishtirokchilari madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, tezlikni oshirish va haydovchilar charchogʻi bilan bogʻliq YTHlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, jumladan, trassalarda qoʻshimcha profilaktik tadbirlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Chiqishning alohida qismi probatsiya masalalariga bagʻishlandi. Unda probatsiya xizmati nazorati ostida boʻlgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni ish bilan taʼminlash, kasbiy oʻqitish va taʼlim hamda ijtimoiy dasturlarga jalb etish ustuvor vazifa boʻlib qolayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, individual profilaktik ishlarni kuchaytirish, psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini rivojlantirish, bandlik organlari va mahalliy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, nazoratdagi shaxslarni kuzatish va boshqarishning raqamli mexanizmlarini takomillashtirish zarurligiga urgʻu berildi.
Uchrashuv davomida xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, intizomni mustahkamlash, ish jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ayniqsa, xodimlar tomonidan sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻzlashtirish, ularni xizmat faoliyatida samarali qoʻllash va zamonaviy ish formatlariga moslashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari uchrashuv ishtirokchilarining yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va probatsiya faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarini tinglab, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdi.
Bunday tadbirlarni oʻtkazish ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda fuqarolar tinchligi, qonuniylik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.
IIV JXD Axborot xizmati



