Xizmatlarda. Ijtimoiy barqarorlik kaliti
2026-04-16 23:00:00 / Yangiliklar

Mehnat migratsiyasi bugungi kunda faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va demografik jarayon sifatida ham namoyon boʻlmoqda. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, joriy yilning dastlabki uch oyida birgina viloyatimizdan 114 ming nafardan ortiq fuqaro uzoq muddatga xorijga chiqqan.
Albatta bu bir tomondan aholi bandligini taʼminlash, oilalar daromadini yaxshilash va mamlakatga valyuta tushumini koʻpaytirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Lekin migratsiyaning ijtimoiy oqibatlari ham mavjud boʻlib, xorijga uzoq muddatga ketgan fuqarolarning oilalarida tarbiyaviy, psixologik va ijtimoiy muammolar yuzaga kelishi ehtimolini ham vujudga keltiradi.
Yaʼni ota-onasi chet elda boʻlgan bolalar tarbiyasi, oʻqish masalalarida muammolar paydo boʻladi. Bu esa davlat idoralari va jamiyatdan qoʻshimcha eʼtibor hamda qoʻllab-quvvatlashni talab qiladi.
Ikkinchi tarafdan esa xorijdan qaytib kelgan 27 ming 444 nafar fuqaroning jamiyatga qayta moslashuvini va tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlash kerak boʻladi.
Ochigʻi, hali ayrim tadbirkorlarimiz xorijdan qaytib kelgan fuqarolarning orttirgan mehnat tajribasidan samarali foydalanishga eʼtibor qaratishmayapti. Shu bois, biz har ikki tomon bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazib, ularning 7 ming nafarini ish bilan taʼminlashga erishdik. Albatta, bu koʻrsatkich qoniqarli emas.
Pasportni yoʻqotish yoki yaroqsiz holga keltirish kabi shaxsiy hujjatlar bilan bogʻliq holatlar ham migratsiya jarayonida tez-tez uchrab turishi sir emas. Bu esa xorijda yurgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish, konsullik xizmatlarini raqamlashtirish va ularning qulayligini oshirish zarurligini koʻrsatadi.
Noqonuniy migratsiya esa alohida eʼtibor talab qilinadigan masaladir. Shu bois, profilaktik targʻibot tadbirlari davomida, aholiga tushuntirish ishlari olib borilayotganda noqonuniy migratsiya fuqarolarning huquqiy himoyasiz qolishi, mehnat ekspluatatsiyasiga duch kelishi va turli jinoiy holatlarga aralashib qolish xavfini paydo qilishini tushuntiramiz.
Shuningdek, mehnat migrantlariga xorijga chiqishdan oldin huquqiy va kasbiy bilimlarini oshirish uchun kasbiy koʻnikmalar markazida oʻqishlari tavsiya etilmoqda. Xorijda boʻlgan davrida esa oila aʼzolari bilan muntazam aloqada boʻlishlarini qatʼiy taʼkidlayapmiz.
©️ “Postda” gazetasi, Mexrojxon Telyayev, podpolkovnik. Qashqadaryo viloyati.
