Zamonaviy taʼlim va xavfsizlik ustuvorligi: poytaxt taʼlim muassasalarida xavfsiz muhit yaratish, qoʻriqlash tizimini kuchaytirish va favqulodda holatlarga tayyorgarlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha amaliy choralar
2026-04-16 16:30:00 / Yangiliklar

Soʻnggi vaqtlarda dunyo miqyosida taʼlim muassasalariga nisbatan turli xavf-xatarlar yuzaga kelayotgani jamoatchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Ayniqsa, maktablar xavfsizligini taʼminlash masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan Davlatimiz rahbarining “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlarining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobi boʻyicha Toshkent shahrida muhim yigʻilish tashkil etildi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov ishtirokida, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, Toshkent shahri taʼlim muassasalari rahbarlari, maktab direktorlari hamda ularda xavfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlgan mutasaddilar ishtirok etdilar. Unda taʼlim muassasalarida xavfsizlikni kuchaytirish, oʻquvchilar va oʻqituvchilarning favqulodda vaziyatlarda hayoti va sogʻligʻini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Hozirgi kunda poytaxtimizda 326 ta davlat maktablarining barchasida xavfsizlik tizimlari kuchaytirilib, bosqichma-bosqich qoʻriqlash tizimiga olinmoqda, shu bilan birga yuzdan ortiq xususiy maktablar va yana koʻplab oʻquv markazlaridagi mavjud xavfsizlik tizimlari tahlil qilinib, ularni yanada takomillashtirish boʻyicha aniq ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, kirish-chiqish nazoratini kuchaytirish, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, qoʻriqlash xizmatlari samaradorligini oshirish va favqulodda holatlarda tezkor harakat qilish mexanizmlarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼkidlash joizki, hozirda taʼlim muassasalarida xizmat olib borayotgan qorovullar uchun mutlaqo yangicha yondashuv asosida maxsus oʻquv tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sogʻliqni saqlash hamda taʼlim sohasi mutaxassislari hamkorligida tashkil etilgan bepul, amaliy va intensiv oʻquv kurslari orqali kasbiy mahorati tubdan oshirilmoqda.
Amaliy mashgʻulotlarda esa yongʻin va favqulodda holatlar modellashtirolib, ekstremal sharoitlarda vaziyatni nazorat qilish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, maktablar atrofida harakat xavfsizligini taʼminlash va bosim ostida ham toʻgʻri harakat qilish qobiliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar vaziri tomonidan maktablarda favqulodda hamda texnogen holatlarga tayyorgarlik boʻyicha oʻquv amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish, inspektor psixologlar faoliyati, oʻquvchilarning darslardagi doimiy ishtirokini taʼminlash, maktablarda xavfsizlikni raqamlashgan tarzda tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, oʻquvchilar oʻrtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, ularni turli tahdidlarga nisbatan hushyorlikka oʻrgatish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada profilaktik suhbatlar, amaliy mashgʻulotlar va tushuntirish ishlarini muntazam oʻtkazish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan taʼlim muassasalari rahbarlari ham “Xavfsiz maktab” tizimini joriy etish, taʼlim dargohlari uchun ham gʻoyat muhim vazifa ekanligi va bu borada hamkorlikni mustahkam davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Hozirgi kunda Toshkent shahrida shakllantirilayotgan “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda Yurtboshimiz tomonidan poytaxt tajribasini joriy etish boʻyicha belgilab berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida Toshkent shahri miqyosida Qoʻriqlash boʻlinmalarining tezkor harakatlanuvchi guruhlari, qoʻriqlovga olingan obyektlardan kelib tushgan tashvish signallaridan soʻng 3-5 daqiqada chaqiruv manziliga yetib borish imkoniyati yaratildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ayniqsa maktablarda xavfsizlikni taʼminlashga eʼtibor qaratish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng, Prezidentimizning ichki ishlar organlari tizimi moddiy texnika bazasini yanada mustahkamlash borasidagi eʼtibori natijasida taqdim etilgan 50 ta yangi xizmat avtomobillari IIV huzuridagi Qoʻriqlash departamentining tezkor harakatlanuvchi guruhlariga tantanali ravishda topshirildi.






