Umidli yoshlar, orzulari bisyor
2026-04-15 16:15:00 / Yangiliklar

2002-yilda Ishtixon tumanida tugʻilib voyaga yetgan Zikirxon Tolibxonovga otasi bolaligidan “Vatanga xizmat qilish — eng oliy burch” ekanini taʼkidlab kelgan. Bu soʻzlar uning qalbida mustahkam oʻrnashib, hayot yoʻlini belgilab berdi.
U IIV Samarqand akademik litseyini tamomlab, IIV Akademiyasiga oʻqishga kirdi. 2024-yilda mazkur taʼlim muassasasini bitirgach, hozirgi kunda Oqdaryo tumanidagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasida profilaktika inspektori lavozimida xizmat olib bormoqda.
Zikirxon ilm olishga ishtiyoqmand boʻlib, doimo yangiliklardan xabardor boʻlish va oʻz ustida ishlashni kanda qilmaydi. 2024-yildan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kiberxavfsizlik yoʻnalishi boʻyicha sirtqi taʼlimda tahsil olmoqda. U axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni fosh etish uchun dasturlar yaratishga qiziqib, viruslardan himoya qiluvchi loyihalar ustida ishlamoqda. Shuningdek, jahon adabiyotini mutolaa qilishni ham odat qilgan.
— Dostoyevskiy, Chexov, Mopassan va Shekspir asarlarini oʻqish orqali inson ruhiyati hamda hayotning murakkab jihatlarini chuqurroq anglayapman. Bu bilimlar xizmat faoliyatimda ham muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi leytenant Z. Tolibxonov. — Ichki ishlar organlaridagi xizmat katta masʼuliyat talab qiladi. Insonlar taqdiri bilan bogʻliq qarorlar qabul qilish uchun bilim, ziyraklik va kuchli iroda zarur.
— Mahallamiz tinch, aholi osoyishta hayot kechirmoqda. Bunda profilaktika inspektorining hissasi katta. Ayniqsa, tarbiyasida muammosi bor yoshlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. U fuqarolar murojaatini tinglaydi, nizoli oilalar bilan ishlaydi hamda spirtli ichimlik taʼsiriga tushgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazadi, — deydi MFY raisi Aziza Umarova.
Yosh xodimning orzulari bisyor. U kelajakda oʻz sohasida yetuk mutaxassis boʻlib, yurt ravnaqiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, yoshlarga oʻrnak boʻlib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni istaydi.
Umida Mamadaliyeva, oʻz muxbirimiz. "Postda"
Samarqand viloyati
