Probatsiya xizmati. Jazo emas, sinovligini tushundi
2026-04-14 12:25:00 / Yangiliklar

Jamiyat taraqqiyoti inson taqdiri bilan chambarchas bogʻliq. Har bir inson hayotida turli sinovlar, adashishlar uchrashi tabiiy. Ayniqsa, qonunbuzarlik yoʻliga kirib qolgan shaxslar uchun hayot yangi sinovlarni taqdim etadi. Bunday vaziyatda probatsiya tizimi nafaqat nazorat, balki tarbiya, qoʻllab-quvvatlash va qayta ijtimoiylashtirishning muhim vositasi sifatida namoyon boʻladi.
Probatsiya nazoratidagi shaxslar jamiyatdan chetlatilgan emas, aksincha, ularga ikkinchi imkoniyat beriladi. Ularning taqdiriga befarq boʻlmaslik, eʼtibor va ishonch bildirish barqaror jamiyat qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Gulshan Latipova probatsiya roʻyxatida (ism-sharifi oʻzgartirildi) boʻlib, uning hayot yoʻli xato va tuzalish, ishonch va umid oʻrtasida kechayotgan, xatosi esa ogʻir edi.
U qalbaki hujjat tayyorlashga qoʻl urgan, nafsi yoʻliga kirib kelajagini xavf ostiga qoʻygandi. Oʻzbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlandi. Sud qarori eʼlon qilingan kuni u oʻzini yoʻqotgandek boʻldi. Ammo keyin tushundiki, bu jazo emas, balki sinov va imkoniyat ekan.
Probatsiya inspektori bilan birinchi uchrashuvidayoq unga aniq talablar qoʻyildi. Tartib-intizom, mehnat va jamoat bilan aloqa. Gulshan boshida bu qoidalarni ogʻir qabul qildi. Lekin asta-sekin bu qatʼiy tartib va nazorat uni toʻgʻri yoʻlga boshlayotganini angladi.
Mahalladagi ayollar unga avval shubha bilan qarashdi. Kimdir pichirladi, kimdir yuz oʻgirdi. Bu holat Gulshanni qattiq oʻylantirdi. U oʻzini oqlash uchun gap emas, amal qilish kerakligini tushundi.
Payariq tuman Mahalla markazi binosida tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Boʻsh ish oʻrinlari» mehnat yarmarkasida probatsiya guruhi nazoratida turuvchi ishsiz shaxslar ham ishtirok etdi. Ushbu yarmarkada tumandagi boʻsh ish oʻrinlariga 8 nafar ishsiz shaxsning bandligi taʼminlandi, 2 nafar kishiga kasb-hunar oʻrganishi uchun yoʻllanma berildi.
Ishga joylashganlar orasida Gulshan Latipova ham bor. U ishlab chiqarish korxonasiga nazoratchi boʻlib ishga kirdi. Ilgari u oʻzini jamiyatdan uzoqlashgan, hech kimga kerak emasman deb his qilgan boʻlsa, endi unga ishonch bildirilayotganini sezdi. Shu kundan boshlab u har bir qadamini oʻylab bosadigan boʻldi. Chunki bu qadamlar uning jamiyatning munosib aʼzosiga aylanishi uchun tashlangan ezgu qadamlar edi.
Sirojiddin NURMUXAMATOV, mayor.
Samarqand viloyati.
