Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligi oʻrganildi
2026-04-14 10:45:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general-mayor Rustam Djurayev tomonidan Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash ishlarining tashkil etilishi oʻrganildi.
Dastlab, Buxoro xalqaro aeroporti hamda sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan turistik obyektlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif davomida hududning asosiy diqqatga sazovor joylari koʻzdan kechirildi. Jumladan:
- Bahouddin Naqshband majmuasi
- Ark qoʻrgʻoni
- Labi Hovuz ansambli
Ushbu hududlarda vazirning birinchi oʻrinbosari tomonidan patrul-post, yoʻl harakati xavfsizligi, qoʻriqlash xizmatlari hamda turistik politsiya rahbar xodimlarining axborotlari tinglandi. Jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliyotdagi ijrosi bilan tanishildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalari, Milliy gvardiya hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan oʻzaro hamkorligi samaradorligiga baho berildi.
Oʻrganishlar doirasida:
- jamoat xavfsizligini tashkil etish masalalari
- qoʻriqlashning muhandislik-texnik vositalari holati
- fuqarolar va xorijiy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar atroflicha koʻrib chiqildi.
Tashrif yakuniga koʻra, jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi xizmatlar oʻrtasidagi muvofiqlashuv darajasini oshirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
IIV JXD Axborot xizmati



