Insonparvarlik. Xato qilmoqlik bordir
2026-04-13 23:00:00 / Yangiliklar

Jinoyatga qoʻl urganim sababli menga nisbatan sud tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi. Keyin qilmishimdan astoydil pushaymon boʻldim, lekin vaqtni orqaga qaytarib boʻlmas ekan.
Jazoni oʻtash davrida ozodlik degan neʼmatning qanchalik qadrli, bebaho ekanligini tushunib yetdim. Muhtaram Prezidentimizning farmoniga muvofiq, bir qancha mahkumlar qatori meni ham kechirishdi. Probatsiya xodimlari holimdan xabar olib, tibbiy koʻrikdan oʻtishga, shuningdek “Ruslan Kommunal” MCHJga ishga joylashishimga yaqindan yordam berishdi.
Bundan buyon halol mehnatim bilan el-yurtimga naf keltirishni niyat qilganman, — deydi qoraqalpogʻistonlik afv etilganlardan biri.
Mamlakatimiz Prezidentining 2026-yil 19-martdagi farmoniga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 12 nafar shaxs afv qilingan edi. Ulardan 3 nafari jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildi. Bir nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi esa yengilroq jazo turiga almashtirilib, probatsiya hisobiga olindi.
Shuningdek, probatsiya hisobidagi jazo oʻtayotgan 8 nafar shaxs jazodan toʻliq ozod etildi. Ushbu shaxslarning barchasiga har tomonlama yordam berilyapti, jamoatchilik vakillaridan murabbiylar biriktirilgan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX Probatsiya boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Bahram Ubbiniyazov.
Ha, kishining hayotda bilib-bilmay adashishi, xato qilishi bor gap. Eng asosiysi, uning oʻz qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqarib, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtishidir. Bundaylarni afv etish insonparvarlik, kechirimlilik, bagʻrikenglikdan nishona.
Davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan farmonida bu fazilatlar oʻzining yorqin ifodasini topdi. Endigi vazifa afv etilganlarga jamiyatda oʻz oʻrinini topishida koʻmaklashishdan iborat. Oʻzingiz guvohi boʻlganingizdek, ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasida bu borada bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Baxadir Nurjanov, mayor. Azamat Pirniyazov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
