Surxondaryoda sayyor qabullar orqali aholi muammolariga yechim topilmoqda
2026-04-11 11:15:00 / Yangiliklar

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2026-yil 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur topshiriqlarga muvofiq, aholining muammolarini joyida hal etish hamda murojaatlar sonini kamaytirish maqsadida vazir oʻrinbosarlari, vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari rahbarlari tomonidan har chorakda kamida uch marotaba sayyor qabullar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Ushbu qabullar natijadorligi yuzasidan aniq topshiriqlar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilmoqda. Shu asosda, Vazirlik huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Ulugʻbek Mirzaqambarov joriy yilning 10-aprel kuni Surxondaryo viloyatida boʻlib, fuqarolar uchun sayyor qabul oʻtkazdi.
Qabul davomida jami 25 ta murojaat oʻrganilib, ularning 23 tasi ijobiy hal etildi, 2 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi. Xususan: 16 nafar shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi masalasi oʻrganilib, ularga ID-kartalar rasmiylashtirib berildi, 2 nafar fuqaroning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish masalasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etildi, 3 nafar chet el fuqarosiga doimiy yashash guvohnomasi berish masalasi koʻrib chiqilib, ID-kartalar rasmiylashtirildi, 2 nafar 16 yoshga toʻlgan fuqaroga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda migratsiya yoʻnalishida koʻtarilayotgan muammoli masalalar tahlil qilinib, ularni tezkorlik bilan hal etish yuzasidan zarur choralar belgilab olindi. Hududlarda tashkil etilayotgan bunday sayyor qabullar fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish, aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









