Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash masalasiga bagʻishlangan respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabning kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-04-11 11:10:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyat hokimligida Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabning jamoat xavfsizligini taʼminlash masalasiga qaratilgan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, markaziy idora va tashkilotlarning masʼullari, Toshkent viloyati prokuraturasi, IIBB, Adliya boshqarmasi, Milliy gvardiya, Soliq hamda Mahallalar uyushmasi boshqarmalari va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, viloyatdagi mahallalarida “namunaviy xavfsiz koʻcha” va “xavfsiz yoʻlak” tizimlari joriy etildi. Aholi gavjum hududlarga minglab videokuzatuv moslamalari, yuzni hamda avtoraqamlarni avtomatik aniqlovchi intellektual kameralar oʻrnatildi.
Shuningdek, turli obyektlar texnik qoʻriqlovga olinib, “tashvish tugmalari” va zamonaviy domofon tizimlari yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etish yoki uning qurboniga aylanish ehtimoli mavjud boʻlgan qariyb 1 million nafar fuqarolarning ijtimoiy va maishiy muammolarini hal etishga qaratilgan manzilli ishlar tizimli ravishda amalga oshirildi.
Tadbir davomida Respublika idoralararo shtabi va ishchi guruhi tomonidan viloyatda olib borilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilinib, erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani ham koʻrsatib oʻtildi.
Muloqot mobaynida faollik koʻrsatgan masʼul xodimlarning mehnati munosib eʼtirof etildi.
Kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mutasaddilarga esa, mavjud muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuvda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashropov hamda viloyat hokimi Zoir Mirzayev ishtirok etdi.
Toshkent viloyati IIB Axborot xizmati






