IIV rahbariyati tomonidan Xorazm viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi hamda Xavfsiz turizm tizimi faoliyat koʻzdan kechirildi
2026-04-10 10:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar tizimida xavfsizlik va tartibni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida muhim oʻrganishlar davom etmoqda.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzaraximov Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi hamda “Xavfsiz turizm” tizimi faoliyatini atroflicha koʻzdan kechirdi.
Tashrif davomida, avvalo, jamoat xavfsizligini taʼminlashda transport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻlovchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi. Zamonaviy texnik vositalar, kuzatuv kameralari hamda raqamli nazorat tizimlarining samaradorligi alohida eʼtibor markazida boʻldi.
Shuningdek, “Xavfsiz turizm” tizimi doirasida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha joriy etilgan mexanizmlar koʻrib chiqildi.
Sayyohlarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish, ularning murojaatlariga zudlik bilan javob qaytarish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganishlar davomida mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish, tizim samaradorligini yanada oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, sohada ilgʻor axborot texnologiyalarini keng joriy etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Tashrif yakunida general-mayor Bahodir Mirzaraximov tomonidan masʼul xodimlarga jamoat xavfsizligini taʼminlashda fidoyilik, masʼuliyat va kasbiy mahoratni yanada oshirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.
Mazkur tashrif transport xavfsizligi va turizm sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolar va mehmonlar uchun xavfsiz muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi






