IIV rahbariyati tomonidan Xorazm viloyati Xiva shahrining “Gazchi” mahallasida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2026-04-09 17:30:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Xorazm viloyati Xiva shahri Gazchi mahalla fuqarolar yigʻinida oʻrganishlar olib borildi
Xorazm viloyati Xiva shahrida joylashgan Gazchi mahalla fuqarolar yigʻinida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari rahbarligida oʻrganish ishlari amalga oshirildi. Unda mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, jinoyatchilikning oldini olish, aholi bandligini taʼminlash va yoshlar bilan ishlash masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Oʻrganishlar jarayonida mahalla “yettiligi” — mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori hamda ijtimoiy xodim ishtirok etdi. Ular tomonidan har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Xususan, profilaktika inspektori tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikni barvaqt bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot taqdim etildi. Yoshlar yetakchisi esa yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni tadbirkorlik va kasb-hunarga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Xotin-qizlar faoli tomonidan oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, hokim yordamchisi va soliq inspektori aholini tadbirkorlikka jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va daromad manbalarini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Oʻrganishlar yakunida mavjud muammolar yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Masʼullarga belgilangan vazifalar yuklatilib, ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha muddatlar belgilab berildi.
Mazkur oʻrganishlar mahallada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, aholi farovonligini oshirish hamda “obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi









