Xavfsiz mahalla. Suvonobod — osoyishta manzil
2026-04-09 15:50:00 / Yangiliklar

Nargiza (ismi oʻzgartirildi) turmush oʻrtogʻining ichkilikka mukkasidan ketganidan bezor boʻldi. Na uyida halovat bor, na roʻzgʻorida baraka. Farzandlari ham har kech dadaning chayqala-chayqala kirib kelishidan, uxlab qolishini kutishdan bezillab qolishgan.
Oiladagi bu vaziyat mahalla profilaktika inspektorining nazaridan chetda qolmadi. U sud qarori asosida oila boshligʻini ichkilikbozlikdan davolanishi maqsadida dispanserga joylashtirdi. Hartugul, hali or-nomusini yoʻqotmagan ekan, erkak oʻzini qoʻlga oldi. Tibbiy muolajalar va iroda kuchi bilan ichkilikni butkul tashladi. Oilaga halovat, xursandchilik qaytdi. Mahalla yettiligi bu oilaning keyingi ahvolidan muntazam xabardor boʻlib, ularni qoʻllab-quvvatlab turibdi.
Paxtakor tumanidagi «Suvonobod» mahallasida 2025-yil va joriy yil davomida bironta ham jinoyat sodir etilmagani tasodif emas. Mahalla yettiligining hamjihatligi, ayniqsa, profilaktika inspektorining oʻz vazifasini sidqidildan ado etayotgani bois, «Suvonobod» «yashil» toifadagi mahallalar qatoridan tushgani yoʻq.
- 4200 nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mahallamizda yoshlar salmoqli oʻrinni egallaydi. Ularni qoʻllab-quvvatlash, har bir yosh bilan manzilli ishlash uchun «Yoshlar daftari», bandlik dasturlari doirasida oʻnlab fuqarolar ish bilan taʼminlandi. Tarbiyasi ogʻir oʻsmirlar bilan manzilli ishlash, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlash maqsadida muntazam tarbiyaviy ishlar olib borilmoqda. Har payshanba oʻtkaziladigan profilaktika tadbirlari doirasida aholi oʻrtasida huquqiy ongni oshirishga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilayotir. Ana shu tizimli ishlar samarasi oʻlaroq, oʻtgan yil mahallada birorta ham jinoyat yoki giyohvandlik holati qayd etilmadi, — deydi MFY raisi Shukrullo Husinov.
Darhaqiqat, hududda yoshlarni turli huquqbuzarliklardan asrash, ular qalbida zararli illatlarga qarshi mustahkam immunitet shakllantirish va sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Bu yerda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga jalb qilish orqali salbiy holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor berilmoqda. Mahalla sport maydonchasi, sunʼiy qoplamali stadionda tez-tez sport musobaqalari, doʻstlik turnirlari oʻtkazib turilishi bunga misol.
Zamonaviy davr talablari mahallada xavfsizlikni taʼminlashda yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Suvonobod bu borada ham ilgʻor hududlardan. Garchi koʻp qavatli uylar boʻlmasa-da, «tashvish tugmalari» oʻrnatilgan obyektlar va qoʻriqlash xizmati nazoratidagi uylar soni koʻpayib bormoqda. Fuqarolar uy-joy va mulk daxlsizligini ishonchli qoʻllarga topshirishmoqda. Mahalla koʻchalariga 12 ta kuzatuv, 3 ta yuz va avtoraqamni tanib oluvchi kamera oʻrnatilib, ular viloyat IIB «Qalqon» platformasiga ulandi. «Mening inspektorim» boti orqali aholi profilaktika inspektori bilan bevosita aloqa oʻrnatish imkoniga ega boʻldi. Hozirda 1000 nafardan ziyod fuqaro mazkur mobil ilova orqali hudud profilaktika inspektoriga murojaatlarini onlayn rejimda yoʻllashmoqda.
- Men bundan 5 yil muqaddam xizmat faoliyatimni shu yerda, shu lavozimda boshlaganman. Oʻsha paytda qotillik, bosqinchilik kabi jinoyatlar qayd etilgan edi. Oʻtgan yillar davomida tun-u kun patrullik qilish, tinimsiz mehnat hamda profilaktik targʻibotlar, mahalla yettiligi bilan hamjihatlikda ishlash orqali hududning «yashil» toifaga oʻtishiga muvaffaq boʻlindi, — deydi profilaktika inspektori, kapitan Shavkat Ibrohimov. — Barcha idoralar va aholi hamjihatlikda ish olib borayotgani samara bermoqda. Raqamlashtirish, «Poytaxt namunasi» asosida kelgusida ham barqarorlikni saqlab turish, mahalla osoyishtaligini doimiy asosda taʼminlashga erishish niyatidamiz.
Muqaddas Saparova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Jizzax viloyati
