Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi
2026-04-09 12:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish” masalasi mutlaqo yangi bosqichga olib chiqilishi alohida taʼkidlanib, endilikda bu yoʻnalishda eskicha yondashuvlardan voz kechilib, yanada samarali, manzilli va natijador tizimni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etilgan edi.
Ayni shu maqsadda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan viloyat miqyosida murojaatlar soni yuqori boʻlgan hududlarda aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, muammolarni joyida oʻrganish va tezkor yechim topishga qaratilgan manzilli sayyor qabullarni oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Xususan, navbatdagi ana shunday manzilli sayyor qabul Sirdaryo tumani “Adolat” mahallasida boʻlib oʻtdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi huzurida oʻtgan qabulda tuman hokimi, idora va tashkilotlar mutasaddi rahbarlari, mahallada istiqomat qiluvchi aholi vakillari, jumladan yoshlar, xotin-qizlar, keksa nuroniylar ishtirok etdi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot davomida qabulda ishtirok etgan 25 nafar fuqarodan jami 37 ta murojaat, taklif va tashabbuslar kelib tushdi. Xususan, bandlik, ichki yoʻllarni taʼmirlash, uy-joy bilan taʼminlash, sogʻliqni tiklash, kadastr, sud va tergov hujjatlari yuzasidan murojaatlar bildirildi. Roʻyxatga olingan mazkur murojaatlar joyida tegishliligi boʻyicha masʼullar bilan muhokama etilib, ularni ijobiy hal qilish choralari koʻrildi.
Qabul davomida murojaatlarning koʻp qismiga joyida yechim topilgan boʻlsa, ayrim masalalar vaqt va qoʻshimcha oʻrganish talab qilganligi sababli, masʼullar va muddat belgilanib, boshqarma boshligʻi tomonidan nazoratga olindi.
Fuqarolar murojaatlariga tezkor yechim topish va aholi orasida davlat organlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sayyor qabullar hududlarda davom etmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



