“Amir Temurning harbiy-siyosiy salohiyati” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi tashkil etildi
2026-04-09 06:45:00 / Yangiliklar

Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligini yurtimizda keng miqyosda nishonlanmoqda. Ayniqsa harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun Sohibqiron tarixini, qoldirgan buyuk merosini oʻrganish chin maʼnoda vatanparvarlik hisoblanadi.
IIV Madaniyat saroyida ham vazirlik Markaziy apparati hamda sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirokida “Amir Temurning harbiy-siyosiy salohiyati” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda vazirlik rahbariyati va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Nizomiddin Gulboyev esa oʻz maʼruzasi bilan qatnashdi.
Maʼruzachi oʻz chiqishida Amir Temurning harbiy yurishlari, strategik qarorlar qabul qilishdagi yondashuvi va xalqaro siyosiy faoliyati haqidagi ilmiy asoslangan maʼlumotlarni ishtirokchilarga qiziqarli va tushunarli tarzda taqdim etdi.
Shu bilan birga, tadbir qatnashchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, mavzu yuzasidan savol-javoblar tashkil etildi hamda ishtirokchilarning bilim va dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qildi.
Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari, harbiy qism va taʼlim muassasalarida xuddi shunday uchrashuvlar ilmiy maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.



