Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus oʻquv kursi davom etmoqda
2026-04-09 06:10:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi Ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyatini oshirish va tergov sifati yaxshilash boʻyicha bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida oʻquv seminari tashkil etildi.
Mazkur oʻquv seminariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va viloyat ichki ishlar organlari tergov rahbarlari hamda markaziy shahar-tuman tergov boshliqlari jalb etilgan boʻlib, oʻquv jarayonlari Prezident Administratsiyasi tegishli tarkibiy boʻlinmalari, Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Advokatlar palatasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi vakillari, shuningdek, Akademiyaning malakali professor-oʻqituvchilar va soha ekspertlari ishtirokida tashkil etildi.
Xususan, Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov tomonidan tergov sifati, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlarini oʻtkazishda yoʻl qoʻyilayotgan xato-kamchiliklar qattiq tanqid ostiga olindi. Ushbu yoʻnalishda jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish, tergov sifati va samaradorligini yanada yaxshilash yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
Tergov yoʻnalishida kelayotgan murojaatlar insonlar taqdiri bilan bogʻliq ekanligini hisobga olib, ularni shunchaki qayd etish emas, balki ularni tahlil qilish, qonuniylik prinsiplari asosida malakalash lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu oʻquv kursidan koʻzlangan asosiy maqsad har-bir xodimning kelgusi faoliyatida yangicha yondashuvni shakllantirib, sohaga nisbatan fuqarolarimiz ishonchini oshirishdir. Kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Maxsus oʻquv kursi oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
IIV Axborot xizmati



