IIV rahbariyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Chimboy, Qoraoʻzak, Taxtakoʻpir tumanlari ichki ishlar boʻlimlari xodimlarining xizmat faoliyati oʻrganildi
2026-04-08 18:50:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, xodimlarning xizmat samaradorligini oshirish hamda aholi xavfsizligini taʼminlash masalalari doimiy eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Shu maqsadda vazir oʻrinbosari, general-mayor Mirzarahimov Baxodir Yuldoshevich tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Xususan, xizmat safari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIVga qarashli Chimboy, Qoraoʻzak hamda Taxtakoʻpir tumanlari ichki ishlar boʻlimlari xodimlarining xizmat faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Oʻrganish jarayonida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini tashkil etish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash holatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, joylardagi shaxsiy tarkib bilan muloqotlar oʻtkazilib, ularning xizmatni olib borishdagi muammo va takliflari tinglandi. Xodimlarning kasbiy tayyorgarligi, intizomi va masʼuliyatini yanada oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Ayrim yoʻnalishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼul rahbarlarga topshiriqlar yuklatildi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda tizimli yondashuvni joriy etish muhimligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularning ishonchini qozonish ichki ishlar organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Xizmat safari yakunida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash orqali hududlarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar yanada yuqori bosqichga olib chiqilishi belgilandi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi







