IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Yunusobod tumanining “Qashqar” mahallasida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2026-04-08 11:25:00 / Yangiliklar

Maʼlumki, Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi qarori bilan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan edi. Mazkur qaror asosida soʻnggi yillarda “qizil” toifada qolayotgan “Qashqar” mahallasida ham tizimli ishlar boshlab yuborildi.
Mahallaga biriktirilgan akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida oʻrganilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Hududiy “yoʻl xarita” ijrosini taʼminlash maqsadida joylarga 5 ta tashvish tugmasi, 28 ta zamonaviy kamera oʻrnatilib, 18 ta obyekt texnik qoʻriqlovga olindi. Xonadonlarni oʻrganish davomida 16 nafar alohida toifadagi, 8 nafar ijtimoiy profilaktika obyekti boʻlgan shaxs aniqlanib, “yettilik” xodimlariga biriktirildi. Mahallada 2 ta “xavfsiz uy” va bitta “xavfsiz koʻcha” tashkil qilindi.
Bugungi kunda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”, sayyor qabul, mehnat yarmarkasi va boshqa tadbirlar orqali har bir oila, xonadondagi ijtimoiy-maishiy muammolar oʻrganilib, ularni hal qilish choralari koʻrilmoqda.
Akademiya boshligʻi mahalla faollari bilan uchrashuvda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Mahallada xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishda fuqarolarning ijtimoiy masʼuliyatini oshirish, alohida toifadagi shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, “jinoyat oʻchoq”lariga barham berish, har bir murojaatga tezkorlik bilan javob berish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda nizoli oilalardagi muammolarga yechim topish, ijtimoiy-maishiy muhitni sogʻlomlashtirish, koʻp sodir qilinayotgan jinoyatlar boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, “mahalla yettiligi”ning aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, mahallani “yashil” toifaga oʻtkazish borasida tavsiyalar berildi.
Oʻrganishlar yakunida kelgusidagi vazifalar yuzasidan qator vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



