Yoshlar – kelajak bunyodkori. Muhim vazifa
2026-04-07 23:00:00 / Yangiliklar

Qaynona bilan kelin oʻrtasidagi kelishmovchilik “Sohil” mahallasidagi barcha sharoitlar yetarli, toʻkin-sochin hayot kechirib kelgan oilaning totuvligiga raxna soldi. Ona yolgʻiz oʻgʻlini yosh kelinidan qizgʻanib, uning har bir harakatidan xatolik qidirib kelgan.
Boyovut tumani IIB HPB XQMB katta inspektori, leytenant Barno Karimova nizoni bartaraf etish uchun psixolog va mahallaning bir necha kayvoni ayollarini ham taklif qildi. Qariyb uch soatlik profilaktik suhbat natijasida “muzlar eridi”, janjal pasaydi.
Ammo Barno shu bilan cheklanib qolmadi, ikki oy davomida muntazam ravishda xonadonda boʻlib, oiladagi munosabatlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashdi. Shu tariqa uzoq vaqtdan beri davom etgan notinchlikka barham berildi.
“Bekat” mahallasidagi holat esa yanada murakkab boʻlib chiqdi. Qirq yoshdagi erkak turmush oʻrtogʻini tahqirlagani haqida xabar keldi. Barno Karimova hududiy profilaktika inspektori bilan birga xonadonga bordi.
Maʼlum boʻlishicha, farzandlar allaqachon voyaga yetgan edi. Er-xotin oʻrtasida uzoq yillardan buyon doimiy ravishda nizolar sodir boʻlib turgan. Bu safar er oʻzini nazorat qilolmay, idish-tovoqlarni sindirgan, hatto xotinini uydan haydab chiqarmoqchi boʻlgan.
Zudlik bilan ayolga himoya orderi berildi, erkakka nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomasi tuzildi. Har ikkisi bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi. Shuningdek, oila notinch oilalar roʻyxatiga kiritildi.
Yosh leytenant oilaviy nizolarni bartaraf etishdan tashqari, tez-tez taʼlim muassasalarida oʻquvchi qizlar bilan profilaktik tadbirlar tashkil qiladi. U sport musobaqalari va maʼrifiy tadbirlar orqali yosh avlodni tarbiyalashga ham alohida eʼtibor qaratadi.
Lavhamiz qahramonining fikricha, jamiyatda tinchlik-osoyishtalik nafaqat qonun yordamida, balki har bir insonning maʼnaviy va axloqiy kamoloti orqali ham taʼminlanadi.
Barno Karimova har bir profilaktik tadbir, har bir oilaviy muhokama orqali oʻzining zimmasidagi masʼuliyatli, muhim vazifani ado etadi.
Bu vazifa jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, oilada mehr-oqibat va xotin-qizlarning qalbida hayotidan mamnunlikni saqlashdan iborat.
©️ “Postda” gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
