Samarqand viloyatida xavfsiz muhitni yaratish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi
2026-04-07 09:00:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyat prokuraturasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yildagi 1 va 2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Muhokamada viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarov, viloyat IIB boshligʻi general-mayor Toxir Aripov hamda Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi Lochin Yaxshilikov ishtirok etib, viloyatning barcha tuman va shaharlarida xavfsiz muhitni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Yigʻilish davomida ayrim hududlarda profilaktika ishlarini samarali tashkil etmaslik, idoralararo hamkorlikdagi kamchiliklar, jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini chuqur oʻrganmaslik holatlari tanqid ostiga olindi.
Faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygan bir qator tashkilot va idoralar masʼul xodimlariga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrildi.
Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, aholi osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini mustahkamlash, profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati






