Ichki ishlar organlarida aholi murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan maxsus oʻquv kursi boshlandi
2026-04-06 23:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 6-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Aholi muammolarini manzilli hal qilishda professional kompetensiyalarni rivojlantirish” mavzusida 3 kunlik maxsus oʻquv kursi oʻz ishini boshladi.
Mazkur oʻquv kursi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 13-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uni tubdan takomillashtirish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati hamda Akademiya masʼullari ishtirok etib, aholi murojaatlari bilan ishlashni davlat boshqaruvining ustuvor yoʻnalishi sifatida tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Oʻquv dasturi doirasida ichki ishlar organlari faoliyatida reaktiv yondashuvdan proaktiv boshqaruv modeliga oʻtish, yaʼni muammolarni kelib chiqishidan oldin aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish mexanizmlarini joriy etishga alohida urgʻu berilmoqda.
Kursning asosiy maqsadi – ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini chuqurlashtirish bilan bir qatorda, fuqarolar bilan samarali muloqot oʻrnatish, murojaatlarni tizimli hal qilish, vaziyatni tez va xolis baholash hamda asosli qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirishdan iborat.
Shuningdek, oʻquv jarayonida ishtirokchilarning:
– korrupsiyaga qarshi immuniteti,
– maʼnaviy-axloqiy barqarorligi,
– murojaatlar bilan ishlash samaradorligi,
– xizmat faoliyatidagi shaxsiy masʼuliyati,
– tahliliy va strategik fikrlash qobiliyati kabi muhim kompetensiyalari kompleks baholanib, ularni rivojlantirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.
Alohida eʼtibor fuqarolar bilan muloqot madaniyatiga qaratilmoqda. Xususan, xodimlarning xushmuomalaligi, inson qadrini ustuvor qoʻyishi, har bir murojaatga hurmat bilan yondashishi, ochiq va samarali muloqot olib borishi boʻyicha amaliy koʻnikmalar shakllantirilmoqda. Bu esa aholi bilan ishlashda ishonchli va adolatli munosabatlarni taʼminlashga xizmat qiladi.
Alohida taʼkidlash joizki, mazkur oʻquv kursi doirasida Ichki ishlar vazirligi tizimida joriy etilgan komplayens va ichki nazorat mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, xizmat faoliyatida halollik, qonuniylik va shaxsiy masʼuliyat tamoyillarini taʼminlash, shuningdek, ichki korrupsiyaning oldini olish masalalari tizimning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangani ishtirokchilarga atroflicha tushuntirilmoqda.
Bugungi kunda komplayens tizimi Ichki ishlar organlarida faqat nazorat mexanizmi emas, balki har bir xodimning xizmat faoliyatidagi aniq “qizil chizigʻi” sifatida shakllantirilmoqda. U orqali huquqbuzarliklarni sodir etilgandan keyin aniqlash emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan yondashuvlar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, komplayens tizimi doirasida xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmat jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni kamaytirish hamda shaffof va adolatli muhitni taʼminlash mexanizmlari ham izchil rivojlantirilmoqda.
Bu esa Ichki ishlar organlarida “jazolash emas – oldini olish va himoya qilish” tamoyiliga asoslangan yangi xizmat madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Dastur doirasida Senat, sud, prokuratura, korrupsiyaga qarshi kurashish organlari hamda boshqa davlat idoralari rahbarlari va sohaviy ekspertlar ishtirokida dolzarb masalalar muhokama qilinib, huquqni qoʻllash amaliyoti, qonuniylikni taʼminlash va xizmat intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona yondashuvlar shakllantirilmoqda.
Amaliy jihatdan, oʻquv kursi doirasida:
– real keyslar asosida simulyatsion mashgʻulotlar,
– individual va guruhli tahlillar,
– kompetensiyalarga asoslangan baholash tizimi (assesment) joriy etilgan boʻlib, bu ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatida aniq natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur maxsus oʻquv kursi ichki ishlar organlarida aholi murojaatlari bilan ishlashning yangi, samarali va natijador modelini shakllantirish, shuningdek, tizimning ochiqligi, hisobdorligi va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

