Yoʻl boshida. Adashgan koʻngillar chirogʻi
2026-04-06 07:20:00 / Yangiliklar

Hayot yoʻli har doim ham tekis va ravon boʻlavermaydi. Ayniqsa, oq-qorani tanish yoshidagi oʻsmirlar uchun gohida hissiyotlar toʻlqini, gohida esa tajribasizlik pand berishi bor gap. Namangan viloyati IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida tashkil etilgan navbatdagi profilaktik tadbir ana shunday adashgan koʻngillarga yoʻl koʻrsatish maqsadida oʻtkazildi.
Tadbirning eng samimiy daqiqalari markaz boshligʻi, podpolkovnik Nigora Qayimova va yoshlar oʻrtasidagi ochiq muloqotda namoyon boʻldi. Markaz rahbari yoshlarning har bir gapini diqqat bilan tinglarkan, qonunlarga rioya qilish shunchaki majburiyat emas, balki oʻzligini asrab qolish ekanligini hayotiy misollar bilan tushuntirdi.
- «Har bir yosh — bir olam. Ularning xatosi jamiyatning ogʻrigʻi, muvaffaqiyati esa umumiy gʻalaba», degan tamoyil asosida har bir ishtirokchiga individual yondashildi, — deydi markaz rahbari, podpolkovnik Nigora Qayimova. — Ularning muammolari, qiziqishlari va orzulari oʻrganilib, kelajakda jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun zarur tavsiyalar berildi.
Insonning xulq-atvori uning ichki olami bilan chambarchas bogʻliq. Shuni hisobga olgan holda, tadbirga Namangan shahar maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimining malakali psixologlari jalb etildi. Mutaxassislar yoshlar bilan guruhli va yakka tartibda ishlash orqali ularning yashirin kechinmalarini oʻrganishdi.
Ayniqsa, «Oila» va «Men yoqtirgan rang» metodikalari asosidagi mashgʻulotlar yoshlarning hissiy holatini tahlil qilishda qoʻl keldi. Ranglar orqali oʻzini ifoda etgan oʻsmirlar ichidagi agressiya va stressdan xalos boʻlish yoʻllarini oʻrganishdi. Bu nafaqat profilaktika, balki ruhiy qayta tiklanish jarayoni boʻldi.
Markaz xodimlari tomonidan yoshlarning xonadonlariga borilib, yashash shart-sharoitlari, oilaviy muhiti va eng muhimi, maktab darslariga qatnashish holati doimiy oʻrganilmoqda.
Oldinda yanada muhim rejalar turibdi: ota-onalar bilan hamkorlik, huquqiy seminarlar va muntazam treninglar. Maqsad esa bitta -yoshlarni huquqbuzarlik koʻchasidan uzoq tutish va barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazish.
Bugun berilgan toʻgʻri tarbiya va koʻrsatilgan mehr-shafqat ertaga minglab yoshlarning taqdirini ijobiy tomonga oʻzgartirishi mumkin. Ushbu amaliy harakatlar aynan ana shu olijanob maqsadga xizmat qilmoqda.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
