Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi: taʼlim, innovatsiya va istiqbollar muloqoti
2026-04-05 16:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 4-aprel kuni Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov ishtirokida IIV Andijon akademik litseyida “Rahbar va yoshlar” mavzusida mazmunli va ochiq muloqot ruhidagi uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida vazir oʻrinbosari tomonidan litseyning iqtidorli yoshlari bilan alohida uchrashuv oʻtkazildi. Unda oʻquvchilar oʻzlarining axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yoʻnalishida amalga oshirayotgan loyihalarini taqdimot shaklida namoyish etdilar.
Shundan soʻng oʻqituvchi va oʻquvchilar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etilib, oʻquv jarayoniga zamonaviy innovatsion yondashuvlarni joriy etish, yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida akademik litseyda uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyilar hamda turli tanlov va loyihalardagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan iqtidorli oʻquvchilar munosib taqdirlandilar.
Mazkur uchrashuv yoshlarni yanada yuksak marralar sari intilishga, bilim va salohiyatini yurt ravnaqi yoʻlida safarbar etishga undaydigan muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir sifatida ahamiyat kasb etdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati






