Aholi xavfsizligini taʼminlash va zamonaviy tahdidlarga ilmiy yondashuv: Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda
2026-04-06 10:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruhining Surxondaryo viloyatidagi oʻrganish ishlari Denov tumanida davom ettirildi. Tumanda yangi tashkil etilayotgan Qoʻriqlash departamenti Denov mintaqaviy oʻquv markazida yakuniga yetkazilgan bunyodkorlik ishlari koʻzdan kechirildi. Mazkur markaz hududiy ichki ishlar organlari Qoʻriqlash boʻlinmalarida xizmat olib boruvchi kadrlarni tayyorlashga moʻljallangan boʻlib, tez fursatda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ichki ishlar vaziri tomonidan taʼlim tizimiga eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xodimlarning sport bilan shugʻullanishlari, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarliklarini oʻquv markazining oʻzida takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berilib, barcha masalaga ilmiy yondashuv zarurligi taʼkidlandi.
Ishchi guruhning keyingi manzili Bandixon tumani IIB boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son qarori ijrosi boʻyicha tuman huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar oʻrganilib, kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Tuman ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibiga hamkorlikda oʻtkazilayotgan tadbirlarni jadallashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, aholining huquq va manfaatlarini munosib himoya qilish, eng muhimi Prezidentimiz tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlash lozimligi taʼkidlandi.
Shu yerda Qoʻriqlash xizmatining aholi xonadonlari va qoʻriqlovga olingan obyektlarni muhofaza qilish borasida ilgʻor texnikalardan foydalangan holda olib borayotgan faoliyati va tizimga kiritilayotgan yangiliklar taqdimot qilindi.
Qiziriq tumani IIB rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham qizil toifaga kiritilgan mahallalardagi oʻrganish ishlari va kuchaytirilgan xizmat tartibi, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Umuman olganda, Surxondaryo viloyati hududida bugun dolzarb boʻlgan barcha xavfsizlik talablariga toʻgʻri yondashish, aholi muammolarini tizimli oʻrganish va ilmiy tahlil qilish, har bir mahalladagi oʻziga xos vaziyatdan kelib chiqqan holda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha vazifalarni belgilab berildi.
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining oʻrganishlari boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.






