Sirdaryoda “Surxondaryo tajribasi” asosida yangi amaliyot joriy etilmoqda
2026-04-05 11:50:00 / Yangiliklar

Jinoyat ishlarini tamomlashda protsessual muddatlarni belgilash boʻyicha yangi amaliyotni joriy etishga qaratilgan qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik M.A. Sattarov rahbarligida Sirdaryo viloyati IIB hamda barcha shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlarida seminar mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Unga koʻra ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat ishlarini qisqa muddatlarda tamomlashga qaratilgan “Surxondaryo tajribasi”ni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilinib, mazkur amaliyotning oʻziga xos jihatlari, tergovga qadar tekshiruvni har tomonlama toʻliq va sifatli oʻtkazish, jinoyat ishlarini tamomlashda “yarashuv” va “aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv” institutlarini qoʻllash amaliyotini yanada kengaytirish boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Ushbu chora-tadbirlar jinoyat ishlarini samarali, tezkor va qonun talablariga toʻliq rioya etgan holda tamomlashga, eng asosiysi, protsess ishtirokchilarini ortiqcha sarf-xarajatlarga yoʻl qoʻymaslik va ovoragarchilikni oldini olishga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









