Toshkent shahrining Mirobod tumanida mahallalar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-04-04 12:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi K. Burxanov hamda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general mayor B. Yu.Mirzaraximov ishtirokida Mirobod tumani hokimligida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash, jumladan, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda tuman IIO FMB boshligʻi, tuman prokurori, mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, mavjud holat tahlil qilindi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Asosiy eʼtibor aholi xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va mahallalarda barqaror ijtimoiy muhitni yaratishga qaratildi.
Shuningdek, K.Burxanov va B. Mirzaraximov, tuman hokimi A.Sayfutdinov, tuman prokurori B.Abdullayev, tuman IIO FMB boshligʻi U.Nasritdinovlar “Ziyonur” hamda “Qoʻyliq ota” mahallalariga tashrif buyurib, ushbu hududlarda xavfsiz muhitni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida mahalla “yettiligi” aʼzolari, profilaktika inspektorlari va masʼul rahbarlar bilan muloqot oʻtkazilib, mavjud muammolar muhokama qilindi.
Yakunda masʼullarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berilib, mahallalarda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi









