Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchisi IMAS xalqaro olimpiadasida bronza medaliga sazovor boʻldi
2026-04-04 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ixtisoslashtirilgan maktab-internati 6-sinf oʻquvchisi Muhammaddiyor Usmonjonov xalqaro miqyosdagi nufuzli IMAS (International Mathematics Assessment for Schools) matematika olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medaliga sazovor boʻldi.
Mazkur olimpiadaning 1-bosqichi joriy yil 18-yanvar kuni Iqtidorlar maktabi tashkiloti tomonidan respublika boʻylab ixtisoslashtirilgan va Prezident maktablarining 3–8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazildi.
Unda 758 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Usmonjonov Muhammaddiyor 39 ball toʻplab, keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
2026-yil 28-mart kuni boʻlib oʻtgan 2-bosqichda ham yuqori natija qayd etgan Muhammaddiyor faxrli 3-oʻrinni egallab, bronza medali bilan taqdirlandi.
Taʼkidlash joiz, IMAS olimpiadasi 2011-yildan buyon oʻtkazib kelinib, unda Xitoy, Ruminiya, Tayvan, Vyetnam kabi 20 dan ortiq davlatlardan iqtidorli oʻquvchilar ishtirok etadi.
Mazkur yutuq yosh avlodning intellektual salohiyatini namoyon etish bilan birga, mamlakatimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
